Milliy gvardiyaning malakali psixolog xodimlari tomonidan Xorazm viloyati maktablarida xizmat faoliyatini boshlagan inspektor-psixologlar hamda mutaxassis psixologlar bilan oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi
Xorazm viloyatidagi 537 ta umumtaʼlim maktablarida xizmat faoliyatini boshlagan inspektor-psixologlar bilan “Umumtaʼlim maktablarida inspektor-psixologlar tomonidan psixologik muhitni yaxshilashda voyaga yetmagan bolalarni taʼlim olishi, ruhiy-ijtimoiy rivojlanishi, xulq ogʻishlariga qarshi immunitetni shakllanish jarayonlariga yangicha yondashuvni tatbiq etish” mavzusida, shuningdek, mutaxassis psixologlar bilan “Oʻsmirlarda xulqiy ogʻishlarni erta diagnostika qilishning zamonaviy usullari” mavzusida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi.
Mazkur amaliy anjumanlar Urganch shahridagi Yoshlar markazi binosida oʻtkazilib, unda Milliy gvardiya Psixologik taʼminlash markazining malakali mutaxassislari, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-oʻqituvchilari hamda Bolalar psixologiyasi markazi psixologlari oʻzlarining boy tajribalari bilan tadbir ishtirokchilariga mavzuga oid turli xildagi zamonaviy psixologik amaliyotlarni taqdim etishdi.
Xususan, maktab oʻquvchilarida xulqiy ogʻishlarni erta diagnostika qilish, oila-maktab-psixolog zanjirini mustahkamlash uchun ota-onalar bilan muloqot oʻrnatish usullarini tanlash, oʻquvchilarni esa oʻquv motivlarini shakllantirish va toʻgʻri yoʻnaltirishning psixologik mexanizmlarini qoʻllash usullari tushuntirib berildi.
Shuningdek, pedagogik mahoratni oshirish hamda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha oʻz ustida ishlash imkoniyatini kengaytirish, maktab va oilada psixologik muhitni sogʻlomlashtirish hamda ayrim oilalardagi nosogʻlom muhitni erta aniqlash borasida zamonaviy psixologik usullarni qoʻllash koʻnikmasini shakllantirish va yondashuvlarni tubdan oʻzgartirish boʻyicha fikr-mulohazalar yuritildi.
Bunda koʻzlangan maqsadga erishishda ekspress-diagnostika uchun proyektiv metodikalarni qoʻllash, psixologik instrumentlardan samarali foydalanish, psixologik portret yaratish, yakka tartibdagi suhbat va kuzatishlar orqali oʻsmirlar oʻrtasida sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlikni oldini olish hamda kurashuvchanlik immunitetini shakllantirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.
Amaliy anjuman shoʻbalarga boʻlingan holda psixolog mutaxassislar uchun xulq-atvor munosabatlarini tushunish, ijtimoiy moslashish va xatti-harakatlarga javob berishda intellekt xususiyatlarini baholash xulqiy ogʻishlarini korreksiya qilish boʻyicha mahorat darslari tashkil etildi va zarur amaliy tushunchalar berildi.
Oʻtkazilgan tadbir davomida ishtirokchilar kelgusidagi xizmat faoliyatida kerak boʻladigan nazariy hamda amaliy tajribalarga ega boʻldilar.