Ishga qabul qilish to'g'risida
Chop etishQo‘riqlash boshqarmalarining Harbiylashtirilgan qorovullik lavozimiga ishga qabul qilish tartibi
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalariga O‘zbekiston Respublikasining muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruv zaxirasida xizmatni o‘tagan, jismonan sog‘lom (belgilangan jismoniy tayyorgarlik normativlarni topshirgan holda), sog‘ligi holati yuklatilayotgan xizmatni bajarishga to‘liq javob beradigan fuqarolar olinadi (boshqaruv, xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno).
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalariga bo‘yi 178 smdan kam bo‘lmagan erkaklar va 170 smdan kam bo‘lmagan ayollar qabul qilinadi.
Xizmatga tanlov asosida, ixtiyoriy tartibda yoshi o‘n sakkizdan kichik
va yigirma beshdan katta bo‘lmagan, tegishli ma’lumotga ega, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Quyidagi shaxslarning:
- doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan;
- ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan;
- qasddan jinoyat sodir etgan jinoyati uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi bo‘lgan;
- jinoiy jazoni o‘tayotgan;
- mulkka tajovuz qiladigan huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun bir yil mobaynida takroran ma’muriy javobgarlikka tortilgan;
- ruhiy kasalliklarga, giyohvandlikka, toksikomaniyaga, alkogolizmga chalingan bemor sifatida dispanser hisobida turgan, shuningdek, sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida tegishli tibbiy xulosa taqdim etmagan;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki muomala layoqati cheklangan;
umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarning idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalariga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalariga xodimlarni ishga qabul qilishni rasmiylashtirish qo‘riqlash boshqarmalarining kadrlar bilan ishlash bo‘limlari tomonidan, nomzodlarni rasmiylashtirish tartib-qoidalariga asosan amalga oshiriladi.
Xizmatga (keyingi o‘rinlarda – nomzod) shaxs Qo‘riqlash boshqarmasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- xizmatga qabul qilish to‘g‘risida ariza;
- pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);
- tug‘ilganlik haqida guvohnomasi nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);
- FHDYO organlaridan ma’lumotnoma (tug‘ilganlik haqida guvohnomaga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan yoki almashtirilgan hollarda);
- qarindoshlarining (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari) pasport nusxalari, nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi, nogironlik (agar mavjud bo‘lsa), qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari (asli ko‘rsatilgan holda);
- 3 x 4 sm o‘lchamdagi oltita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz), shuningdek 9 x 12 sm o‘lchamdagi ikkita fotosurat (bosh kiyimsiz);
- nomzodning tarjimai holi;
- anketa-ma’lumotnoma;
- o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma’lumotnoma (oila a’zolari ko‘rsatilgan holda);
- o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (asli ko‘rsatilgan holda);
- asli ko‘rsatilgan holda harbiy guvohnoma nusxasi;
- asli ko‘rsatilgan holda mehnat daftarchasining nusxasi (agarda mavjud bo‘lsa).
- Xizmat o‘tash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida nomzoddan yoki tegishli muassasadan qo‘shimcha hujjat yoxud ma’lumotlar talab qilib olinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalaridagi ishga qabul qilingan ishchi-xizmatchilarga belgilangan shakldagi xizmat guvohnomasi rasmiylashtirib beriladi.
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalarida xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzish, ularni bo‘shatish amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlari belgilangan dastur va reja taqsimotiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malakasini oshirish markazlarida bir oylik boshlang‘ich tayyorgarlik kurslaridan o‘tadilar.
Harbiylashtirilgan qo‘riqlash va qorovullik bo‘linmalari xodimlari uchun xizmat va jangovar, ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-psixologik hamda jismoniy tayyorgarlik vaqti hisobga olingan holda ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilanadi.
———————————————————————————
Qo‘riqlash boshqarmalarining safdorlik lavozimiga ishga qabul qilish tartibi
Xizmatga 178 santimetrdan past bo‘lmagan erkaklar va 170 santimetrdan past bo‘lmagan ayollar qabul qilinadi.
Xizmatga ixtiyoriy ravishda yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshda bo‘lgan Qo‘riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashg‘ulotlari va tanlov bosqichlaridan o‘tgan ishchi va xizmatchilari orasidan (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega bo‘lgan nomzodlar mustasno) tanlab olish orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Erkaklar Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatiga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashi yoxud oliy o‘quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
Xizmatga (keyingi o‘rinlarda – nomzod) shaxs Qo‘riqlash boshqarmasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- xizmatga qabul qilish to‘g‘risida ariza;
- pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);
- tug‘ilganlik haqida guvohnomasi nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);
- FHDYO organlaridan ma’lumotnoma (tug‘ilganlik haqida guvohnomaga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgan yoki almashtirilgan hollarda);
- qarindoshlarining (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari) pasport nusxalari, nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi, nogironlik (agar mavjud bo‘lsa), qarindoshlarining o‘limi haqidagi guvohnomalari nusxalari (asli ko‘rsatilgan holda);
- 3 x 4 sm o‘lchamdagi oltita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz), shuningdek 9 x 12 sm o‘lchamdagi ikkita fotosurat (bosh kiyimsiz);
- nomzodning tarjimai holi;
- anketa-ma’lumotnoma;
- o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma’lumotnoma (oila a’zolari ko‘rsatilgan holda);
- o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (asli ko‘rsatilgan holda);
- asli ko‘rsatilgan holda harbiy guvohnoma nusxasi;
- asli ko‘rsatilgan holda mehnat daftarchasining nusxasi (agarda mavjud bo‘lsa).
Xizmat o‘tash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida nomzoddan yoki tegishli muassasadan qo‘shimcha hujjat yoxud ma’lumotlar talab qilib olinishi mumkin.
Xizmatga qabul qilish nomzodning doimiy joyi bo‘yicha qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan dastlabki va yakuniy tanlovlar asosida amalga oshiriladi.
Tanlovlar nomzodning xohishiga ko‘ra davlat, qoraqalpoq yoki rus tillarida o‘tkaziladi.
Dastlabki tanlov tadbirlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-dastlabki suhbat;
-psixologik test;
-umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.
Dastlabki tanlov tadbirlari ularning turlaridan kelib chiqib, tegishli mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.
Dastlabki tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatining kadrlar bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Nomzodning tegishli hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng, unga xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yo‘llanma beriladi. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatda ish faoliyatini o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan, shuningdek, sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan (qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan va amnistiya akti qo‘llanilgandan qat’i nazar) fuqarolar xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.Xizmat o‘tashga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Xizmatga kiruvchi nomzodlarga xizmat siri hisoblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan hamda oshkor etilishi man etiladigan maxsus talablar ham o‘rnatiladi. Nomzodning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi ma’lumotlar (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik) aniqlangan taqdirda, uni shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish to‘xtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida vakolatli rahbar tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda nomzodga xabar beriladi. Shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildi to‘liq rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirdagina, nomzod yakuniy tanlovga qo‘yiladi.
Yakuniy tanlov nomzod bilan yakka tartibdagi suhbat shaklida o‘tkazilib, suhbat davomida uning aqliy salohiyati, xizmat o‘tashga ruhan tayyorligi, kirishimliligi, shuningdek xodim uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’naviy-axloqiy va kasbiy jihatdan muhim xislatlar baholanadi. Yakuniy suhbat natijalari ko‘ra nomzodning xizmatga kasbiy jihatdan yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Tanlovda ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi. Yakuniy tanlovda, qoida tariqasida, bir lavozimga kamida ikkita nomzod ishtirok etishi lozim. Xizmatga, mavjud bo‘sh lavozimlarni hisobga olgan holda yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar qabul qilinadi.
Dastlabki tanlov sinovlarining biridan yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan o‘ta olmagan nomzod, mazkur sinovlarni dastlabki tanlov boshlangan kundan boshlab o‘n ikki oy ichida takroran topshirishi mumkin.