Tarix
Chop etishO‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash xizmati davlat miqyosida moddiy-tovar boyliklarning qo‘rig‘ini amalga oshiruvchi yagona tashkilot hisoblanadi.
Qo‘riqlash xizmati faoliyatini 1952 yilning 29 oktabrida 5 ta motosikl va 49 ta velosiped bilan boshlagan.
Qo‘riqlash xizmatining militsiya saf bo‘linmalari ilk bora 1964 yilda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tashkil etilgan.
Qo‘riqlash xizmati 1969 yildan boshlab katta va mas’uliyatli vazifani – texnik vositalar orqali fuqarolar xonadonlarini qo‘riqlashni o‘z zimmasiga olgan. Dastlab markazlashtirilgan qo‘riqlash pulti qo‘rig‘iga Toshkent shahrida joylashgan 50 ta xonadon olingan. Texnik qo‘riqlash xizmati o‘z faoliyatini Toshkent shahridagi 33-ATS negizida 200 raqamga mo‘ljallangan qo‘lbola pultdan boshlagan.
1970 yilda qo‘riqlash xizmatiga o‘zining xizmat binolarini qurish va tubdan ta’mirlashga ruxsat berilgan.
Faqat mustaqillik yillariga kelibgina xizmat xodimlarining ishlashi, o‘qishi va xizmat o‘tashlari uchun shart-sharoitlar yaratish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan.
Mustaqillik davrida qo‘riqlash xizmatining rivojlanishi va taraqqiy etishi bevosita respublikamizda mulkchilikka bo‘lgan munosabatning o‘zgarib borishi bilan hamohang kechdi. Shu bilan bir qatorda keyingi yillarda terrorizm balosining jahon bo‘ylab avj olishi, xususan Vatanimizda ham tinch aholiga nisbatan bir-necha yovuz, g‘ayriinsoniy tajovuzlarning amalga oshirilishi xizmatning o‘z faoliyatini takomillashtirib borishga, yuzaga kelgan vaziyatga moslashishga undadi.
Mustaqillik yillarda xizmatda amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, asosan, xizmatni bozor iqtisodiga moslashtirish, bugungi kun sharoitiga to‘liq javob berishini ta’minlash va ko‘rsatilayotgan xizmatning ishonchliligi va samaradorligini oshirishga qaratildi.
Qo‘riqlash xizmatidagi ilk o‘zgarishlar 1991 yilning noyabr oyida Ichki ishlar vazirligi huzurida Respublika «Qo‘riqlash» birlashmasi tashkil etilishidan boshlangan edi. Bu nafaqat qo‘riqlash xizmatining tarkibiy tuzilishiga islohlar kiritdi, balki undagi sifat o‘zgarishlarining ham debochasi bo‘ldi.
O‘sha davrlarda xizmat tomonidan himoyaga olingan inshootlarning 30 foizini erkin yollangan qorovul va harbiylashtirilgan soqchilik qo‘rig‘idagi ob’ektlar tashkil etardi. Shahodatlangan xodimlardan iborat boʻlinmalar tomonidan qoʻriqlangan obyektlar soni 1991 yilda 435 tani tashkil etgan boʻlsa, oʻsha yilda qorovul qoʻrigʻiga faqat yangidan olingan obyektlar soni 439 tani tashkil qilgan
Ma’lumki, qorovul qo‘rig‘ining texnik ta’minoti, ishonchlilik darajasi va samaradorligi militsiya qo‘rig‘iga nisbatan ancha past. Shundan kelib chiqqan holda, xizmatning tarkibiy jihatdan qayta tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, bosqichma-bosqich qorovullik tarkibidan voz kechib, qo‘riqlashning ishonchli turi – militsiya qo‘rig‘i kuchaytirib borildi.
Ushbu o‘zgarishlar o‘z navbatida xizmatning ishonchlilik darajasi oshishiga olib keldi.
Qo‘riqlash xizmatining militsiya saf bo‘linmalari ilk bora 1964 yilda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tashkil etilgan.
1991 yildan saf bo‘linmalari tarkibiga mahkama militsiyasi va yo‘nalish militsiyasi lavozimlari kiritildi.
Mustaqillik yillarida bank tizimi keskin rivojlanib bordi. Bir vaqtning o‘zida bu qo‘riqlash bo‘linmalariga ularning ishonchli qo‘rig‘i va xavfsizligini ta’minlash borasida katta mas’uliyat yukladi.
Mazkur inshootlarning texnik mustahkamlik holatiga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki bugungi kun qo‘riqlash va xavfsizlik tizimini zamonaviy vositalarsiz tasavvur etish qiyin.
Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda va keyingi yillarda bank muassasalariga nisbatan sodir etilgan bir-necha jinoiy tajovuzlarni e’tiborga olib, banklarni xavfsizlik vositalari va zamonaviy qo‘riqlash tizimlari bilan qayta jihozlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda xizmatda, ayniqsa, oʻta muhim obyektlarning ishonchli qoʻrigʻi, xavfsizligi va mudofaasini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratildi. Oʻz navbatida qoʻriqlash xizmati xodimlarining kasbiy, jangovar tayyorgarlik holatini, qoʻriqlash boʻlinmalarining esa zimmasiga yuklatilgan vazifalarini qay darajada bajarayotganini yana bir bor koʻrsatib berish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mutasaddi vazirlik va tashkilotlarning xavfsizlik masalalari boʻyicha masʼul xodimlari ishtirokida qoʻriqlanayotgan obyektlarni xavfsizligini taʼminlash hamda favqulodda holatlarda qoʻriqlash xizmati bilan hamkorligi masalasi yuzasidan uslubiy amaliy-oʻquv seminari oʻtkazilib kelinmoqda.
2019 yilning 1 mart kunidan boshlab qo‘riqlash xizmati Ichki ishlar vazirligi tizimidan, Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazildi. Bugungi kunda Moddiy-tovar boyliklarni qo‘riqlash va himoya qilish xizmatning bir-necha turlari orqali amalga oshiriladi.
Xususan:
-saf bo‘linmalari orqali qo‘riqlash;
-harbiylashtirilgan bo‘linmalari orqali qo‘riqlash;
-qorovullik bo‘linmalari orqali qo‘riqlash;
-texnik qo‘riqlash vositalari orqali qo‘riqlashdan iborat
Qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifalari etib: shartnoma asosida davlat, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qo‘riqlashni ta’minlash;
qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish, qo‘riqlash vositalari va tizimlarini qo‘llash sohasida yagona texnik siyosatni, ulardan foydalanish bo‘yicha samarali nazoratni ta’minlash belgilangan.
Qo‘riqlash xizmatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilinishi quyidagi qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatini beradi:
- ko‘p qavatli uylar xonadonlarni qo‘riqlash-yong‘indan ogohlantiruvchi signalizatsiyasi vositalari orqali qo‘riqlash;
- tashvish tugmalari orqali qo‘riqlash;
- kirib-chiqish nazorati va boshqaruv qurilmalari bilan ishlash;
- simli telefon aloqasi mavjud bo‘lmagan joylarda GSM uyali aloqa kanallari orqali qo‘riqlashni amalga oshirish.
Xizmat xo‘jalik hisobida faoliyat ko‘rsatishi va iqtisodiyot bilan bevosita aloqadorligi sababli muntazam izlanishda. Bu jarayon hech qachon to‘xtab qolmagan. Hozirda bo‘linmalarni qayta jihozlash borasidagi ishlar faol davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda qo‘riqlash eng zamonaviy texnika vositalari, jihozlar bilan qurollangan xizmatlardan hisoblanadi. Hozirda ushbu yo‘nalishda texnik qo‘riqlash pultlarini to‘liq kompyuterlashtirish, radioto‘lqin orqali qo‘riqlashni joriy etish borasida qator izlanishlar amalga oshirilmoqda.
Qo‘riqlash xizmati xodimlarining mamlakatda jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan xizmatlari Respublika rahbariyati tomonidan o‘z vaqtida e’tirof etilmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida bir nafar xodim «Mehnat shuhrati» ordeni, 1 xodim «Shuhrat» medali, 3 xodim «Sodiq xizmatlari uchun» medali, 20 xodim esa «Jasorat» medali bilan, shulardan 8 nafari o‘limidan so‘ng, taqdirlandi.
Xizmat xo‘jalik hisobida faoliyat ko‘rsatishi sababli uning moliya-xo‘jalik faoliyati alohida ahamiyatga ega. Shulardan kelib chiqqan holda o‘tgan yillar davomida ushbu yo‘nalishida ham qator o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, qo‘riqlash bo‘linmalarining buxgalteriyalari markazlashtirildi. Bu esa o‘z navbatida moliyaviy faoliyat ustidan nazoratni kuchaytirib, mablag‘larning samarali ishlatilishini ta’minladi.
Ko‘rsatilayotgan xizmat uchun haq olishning yangi usuli – post-soat tartibi joriy etildi. Unga muvofiq endi xizmat haqi u ko‘rsatilayotgan aniq vaqt hisobida olinadigan bo‘ldi.
Aholiga xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishda ularning imkoniyatlari va darajalaridan kelib chiqqan holda texnik qo‘riqlash punktlari orqali qo‘riqlanadigan ob’ektlar, ulardan saqlanadigan moddiy-tovar boyliklarga, ahamiyatiga qarab guruhlarga bo‘lindi. Unga muvofiq ob’ektlardan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda o‘rnatilgan tariflarning 60, 80 va 100 foizi miqdorida haq olinishi joriy etildi.
Mustaqillik yillarida qo‘riqlash bo‘linmalarida shaxsiy tarkibga, ularning ruhiy ma’naviy va axloqiy holatiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, ma’naviy-ruhiy muhit va shaxsiy tarkibning ruhiy holati ustidan doimiy kuzatuvni amalga oshirib, tahlil qilib borish maqsadida ichki ishlar idoralarida birinchilardan bo‘lib psixologiya xizmati joriy etildi va malakali mutaxassislar bilan jamlandi.
Bugungi kunda xizmat psixologlari xodimlarning ma’naviy-ruhiy ahvolini o‘rganish, ularning erkin va har tomonlama rivojlanishi uchun zamin yaratish, jamoalarni jipslashtirish, qo‘riqlash bo‘linmalarida yuksak axloqiy va yetuk ma’naviy muhitni yaratish borasida faol tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Keyingi yillarda joriy etilgan o‘zgarishlardan biri bu – safdorlar malakasini oshirish ishlarining tashkillashtirilgani bo‘ldi.
Qo‘riqlash bo‘linmalari safdorlar tarkibini qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning axloqiy-ruhiy sifatlarini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida tashkillashtirilgan ushbu o‘quv jarayonlari bir haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, doimiy ravishda o‘tkazib boriladi. Bu maqsadda har bir qo‘riqlash boshqarmasida o‘quv kabinetlari va kazarmalari tashkillashtirildi.
Shu paytgacha ofitserlar, serjantlar tarkibining malakasini oshirish o‘quvlari tashkillashtirilayotgan edi, safdorlar tarkibida bunday imkoniyat mavjud emasdi. O‘z-o‘zidan ravshanki, xizmatning o‘zagini safdorlar tashkil etib, ular zimmasiga eng mas’uliyatni vazifa yuklatilgan.
Birinchidan, huquqiy jamiyat barpo qilar ekanmiz, har bir fuqaro o‘z haq-huquqini biladi, ularga qonun doirasida muomala qilish, ular bilan ishlashga huquq doirasidan chiqib ketmaslik talab etiladi.
Ikkinchidan, bugungi xizmat bundan 29 yil burungi, faqat jismoniy kuchga tayanib qolgan xizmat emas. U o‘ta zamonaviy vositalar bilan qurollangan. Bu aloqa, avtotransport vositalaridan tortib, xavfsizlik texnikalari, signalizatsiyagacha o‘z ichiga mujassam qiladi.
Bular qo‘riqlash xodimidan o‘z bilimini muttasil oshirib borishni, huquqiy va texnologiya sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlardan vaqtida xabardor bo‘lib borishni, ularni hayotga tatbiq etishdi oqilona harakatni talab etadi.
Keyingi yillarda MDH davlatlarining qo‘riqlash xizmatlari bilan uzviy hamkorlik amalga oshirilmoqda. Xususan, Almati, Kiyev, Moskva, Minsk, Dushanbe va Baku shaharlarida MDH davlatlari qo‘riqlash xizmati rahbarlarining uchrashuvlarida mamlakatimiz qo‘riqlash xizmati vakillari ham bevosita ishtirok etdi.
Bulardan tashqari xizmat tashabbusi bilan mamlakatimizda ilg‘or, zamonaviy qo‘riqlash texnika vositalarini joriy etish va ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent shahrida ikki marta xalqaro «Xavfsizlik» seminar-ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Yillar davomida to‘plangan tajriba asosida sohaning huquqiy bazasini takomillashtirish, xizmatni yangi sharoitlarda o‘ziga xos tarzda tashkillashtirish borasida ham izchil izlanishlar va ma’lum o‘zgarishlar qilindi. Buning natijasida bir qator me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi, joriy etildi.
Bir so‘z bilan aytganda bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bo‘linmalarida xizmat ko‘rsatishning eng taraqqiy etgan, iqtisodiy jihatdan kulay shakllari yuzaga keldi va hayotga joriy etildi; yanada tezkor, harakatchan, ob’ekt va xonadonlar qo‘rig‘i, xavfsizligi, mudofaasini ta’minlash borasida o‘z oldiga qo‘yilgan tezkor vazifalarni to‘liq bajara oladigan bo‘linmalar shakllantirildi; faoliyatga ilg‘or, zamonaviy signalizatsiya va texnika vositalari joriy etib borilmoqda.
Bulardan ko‘zlangan maqsad yagona – davlat va xalq boyligi, fuqarolarning mulklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoyalash, ularning to‘liq xavfsizligini ta’minlash.