KORRUPSIYA TARAQQIYOT KUSHANDASI
Davlatimiz rahbarining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida soʻzlagan nutqi va unda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalarning mazmun-mohiyati, amalga oshirish mexanizmlarini yetkazish, shuningdek Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi shaxsiy tarkibi va tinglovchilari oʻrtasida korrupsion holatlarga nisbatan murosasiz muhitni yaratish maqsadida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, siyosiy sharhlovchi, “Shuhrat” medali sohibi Qobilbek Karimbekov ishtirokida profilaktik tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida maʼruzachi tomonidan, Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib kelinayotganligi, ushbu zararli illat har qanday davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtirishi, natijada inson huquq va erkinliklarini poymol boʻlishi, jahon hamjamiyati oʻrtasida davlatning obroʻ-eʼtiboriga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatishi yetkazilib, har bir xodim bu kabi holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishi borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, yurtimiz va dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalar, oʻzgarishlar, dolzarb masalalar yuzasidan zaruriy maʼlumotlar yetkazilib, shaxsiy tarkibni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.