Kasbiy motivlarini shakllantirish hamda rivojlantirishda trening mashgʻulotlarining ahamiyati beqiyos
Barchamizga maʼlumki, insonning kasbiy faoliyatga va adaptatsiya jarayonlariga moslashishlarida, shuningdek, ularda tushkunlik, depressiya kabi holatlarning vujudga kelishini oldini olishda, jamoada ijobiy muhitni yaratishda, kasbiy motivlarini shakllantirish hamda rivojlantirishda trening mashgʻulotlarining ahamiyati beqiyos.
Milliy gvardiya Toshkent viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi Qibray tumani "Qoʻriqlash" boʻlimida yuqorida qayt etilgan holatlar yuzasidan Nurafshon shahridagi Prezident maktabining oliy toifali psixologi tomonidan shaxsiy tarkib ishtirokida "Xizmat jarayonida psixologik treninglarning oʻrni" mavzusida mashgʻulot tashkil etildi.
Tadbirning ikkinchi qismida sodir boʻlgan holatlarni toʻgʻri va real tahlil qilish, eslash qobiliyatini rivojlantirish, diqqatni jamlash, hamkasblar bilan oʻzaro munosabatlarda jamoaviylikni shakllantirish maqsadida "Xotira mashqi", "Kim chaqqon", "Soyabon va tayoqcha" mavzularida trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Barcha ishtirokchilar malakali mutaxassislar tomonidan olib borilgan mashgʻulotda oʻz koʻnikmalarini mustahkamlash bilan bir qatorda, yangi bilimlarga ham ega boʻlishdi.
Shuningdek, Jizzax shahridagi Prezident maktabida ham viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari ishtirokida bu kabi trening tashkil etildi.
"Bola huquqi himoyasida birgamiz!" mavzusida oʻtkazilgan mashgʻulot davomida "Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya"ning tegishli moddalari haqida maʼlumotlar berildi hamda xizmat faoliyati doirasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli vaziyatlar yechimi yuzasidan amaliy mashgʻulotlar olib borildi.