XODIMLARNING INTELLEKTUAL VA MA’NAVIY BILIMLARI MUSTAHKAMLANMOQDA
Milliy gvardiya "Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi tizimlarida xizmat qilib kelayotgan xodimlarning ma’naviy va dunyoviy bilimlarini oshirish maqsadida hududlarda bir qator tadbirlar, o‘quv seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbirlarning navbatdagisi Xorazm viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi xodimlari uchun qimmatli ma’lumotlarga boy tarzda o‘tkazildi. “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi” hamda “Ma’naviyat, uning jamiyat taraqqiyoti va barkamol inson tarbiyasida tutgan o‘rni” mavzusida Urganch Davlat Universiteti o‘qituvchilari hamda Urganch tumani ma’naviyat bo‘limi mutaxassislari tomonidan ma’ruzalar qilinib mazkur mavzuning mazmun-mohiyati ochib berildi.
Seminar mashg‘uloti davomida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida insonni komil inson darajasiga yetkazadigan, uning ongi va ruhiyati bilan chambarchas bog‘langan bu tushuncha har qaysi odam, jamiyat, millat va xalq hayotida hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan o‘rin titishligini uqtirib: “Ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon – e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir” deya ta’kidlagan ta’riflari bugun kun uchun xam o‘z tasdig‘ini topayotgan tushuncha ekanligi alohida ta’kidlandi. Tadbir orqali xodimlar o‘zlari qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.