Mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududlarga aylantirish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda
"Xavfsiz va sogʻlom yurt" tezkor-profilaktik tadbiri doirasida respublikamiz boʻylab Qoʻriqlash xodimlari hamda boshqa hamkor tashkilotlar masʼullari bilan hamkorligida keng qamrovli profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, kuni kecha oʻtkazilgan bu kabi tadbirlar doirasida mahallalarda joylashgan savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari hamda aholi xonadonlarida xavfsizlik choralariga rioya etilishi oʻrganildi. Asosiy eʼtibor ushbu obyekt va xonadonlarni texnik qoʻriqlash markazi tizimiga ulash imkoniyatlarini oʻrganish va amaliyotga joriy etish masalalariga qaratildi.
Zamonaviy qoʻriqlashning texnik vositalari, videokuzatuv kameralarining natijadorligi hamda Qoʻriqlash Departamenti tomonidan taklif etilayotgan “Aqlli uy” loyihasi xususida maʼlumotlar berilib, jamoatchilikning fikr mulohazalari tinglandi.
Jamoatchilik tashabbusi bilan koʻp qavatli uylarning kirish qismlariga tashvish tugmalari oʻrnatilib, koʻcha va yoʻlaklar kuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Mavjudlariga texnik xizmat koʻrsatildi.
Koʻp qavatli uylar, xonadonlar hamda turli maishiy va savdo obyektlarida oʻrnatilayotgan signalizatsiya hamda videokuzatuv vositalari Ichki ishlar hamda Qoʻriqlash boshqarmalari monitoring markazlariga integratsiya qilinib, doimiy nazorat qilinmoqda. Bu esa fuqarolar xotirjamligi, hududlar xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Bu kabi tadbirlar respublikamizning barcha hududlarda davom etmoqda.