Yangiliklar

26 Mart 2023

VATANGA XIZMAT – ENG OLIY SAODATDIR

Kuni kecha Milliy gvardiya Farg‘ona mintaqaviy o‘quv markazida tahsil olayotgan tinglovchilarning ma’naviy dunyosini yuksaltirish, ularni shukronalik ruhida xizmat olib borishlariga targ‘ib etish, jamoat tartibini saqlashda yanada mas’uliyat bilan faoliyatni tashkillashtirish kabi muhim jihatlarni o‘z ichiga olgan davra suhbati tashkil etildi.

So‘z olganlar Vatan tinchligini asrash, himoya qilish eng sharafli vazifa ekanligini ta’kidlashar ekan, sarhadlar va mol-mulklar himoyasini ta’minlab kelayotgan tinchlik posbonlarining har bir kuni uchun katta mukofotlar borligini e’tirof etishdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi, Musulmonlar idorasi va Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari ishtirok etgan mazkur tadbirda “Vatanim menga nima berdi deb emas, men Vatanim uchun nima qildim" degan tamoyil ostida yashashlari, dunyoning hozirgi tahlikali, siyosiy kurashlar maydoniga aylanib borayotgan zamonida barchamiz sergak, hushyor va turli buzg‘unchi g‘oyalardan saqlanishimiz zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, inson ongiga qaratilgan buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoyalanish uchun, avvalo, inson kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratish orqali ma’naviy immunitetini mustahkamlab borishi lozimligi qayd etildi.