Yangiliklar

9 Fevral 2025

Gʻazal mulki sultoni – Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi keng nishonlanmoqda

Oʻzbek adabiyoti va maʼnaviyatining yirik namoyandalari buyuk mutafakkir va shoir Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyatida katta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Urganch shahridagi Viloyat axborot-kutubxona markazida boʻlib oʻtdi. Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Navoiy – qalblarda mangu barhayot” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar, Yoshlar ittifoqi aʼzolari hamda UrDU akademik litseyi oʻquvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olganlar Mir Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi, uning oʻzbek va jahon adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, insonparvarlik gʻoyalari va gʻazallaridagi yuksak maʼnolar haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, yoshlar uchun Navoiy ijodini chuqur oʻrganishning ahamiyati taʼkidlanib, ulugʻ shoir gʻoyalarini bugungi kunda ham targʻib etish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga Navoiy va Bobur asarlaridan gʻazallar oʻqib eshittirildi, ijodiy chiqishlar hamda kitob koʻrgazmalari tashkil etildi. Tadbir samimiy va iliq muhitda oʻtdi, yoshlarning buyuk siymolarga boʻlgan hurmati va qiziqishini oshirishga xizmat qildi. Oʻtkazilgan tadbir davomida faol ishtirok etgan yoshlar diplom va kitoblar bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazida “Nuroniylar” jamgʻarmasi Fargʻona shahar boʻlimi hamda Fargʻona viloyati Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamkorligida Alisher Navoiy tavallud kuniga bagʻishlangan “Nazm va navo” musiqali sheʼriyat kechasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, viloyat tashkilot va boshqarmalarida uzoq yillar ishlagan mehnat faxriylari, Fargʻona davlat musiqali drama teatri aktyorlari, Fargʻona ixtisoslashtirilgan maqom maktab internati oʻqituvchi va oʻquvchilari, Fargʻona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari va kutubxona faol kitobxonlari ishtirok etdilar.
Fargʻona davlat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan taqdim etilgan sahna koʻrinishlari, yosh xushovoz sanʼatkorlar tomonidan Alisher Navoiy gʻazallariga bastalangan kuy-qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilariga birdek manzur boʻldi.