HUDUDLARDA QOʻRIQLASH BOʻLINMALARI XODIMLARI UCHUN KITOB YARMARKALARI TASHKIL ETILMOQDA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini oshirish, maʼnaviy dunyosini boyitish hamda oilaviy kitobxonlik anʼanalarini mustahkamlash maqsadida kitob yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada turli yosh va qiziqishlarga mos badiiy, ilmiy-ommaviy, bolalar hamda tarbiyaviy adabiyotlar keng namoyish etildi. Tadbir davomida xodimlar nafaqat oʻzlari uchun, balki farzandlari va oila aʼzolari uchun ham turli xil mazmunli kitoblar xarid qildilar.
Shu bilan birga Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlarining maʼnaviy dunyosini boyitish, ularning jahon va oʻzbek adabiyoti namoyandalarining asarlari bilan yaqindan tanishishlarini taʼminlash hamda xodimlar farzandlari uchun foydali adabiyotlarni taqdim etish maqsadida Urganch shahar qoʻriqlash boʻlimida kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbir davomida turli yoʻnalishlardagi — badiiy, maʼrifiy, bolalar uchun moʻljallangan va ilmiy-ommabop kitoblar keng namoyish etildi. Xodimlar yarmarkada katta qiziqish bilan ishtirok etib, oʻzlariga va oila aʼzolariga zarur boʻlgan adabiyotlarni xarid qilishdi.
Bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xodimlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish hamda umumiy maʼnaviy muhitni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.