Yangiliklar

9 Sentyabr 2025

“Qon topshir – hayot inʼom et!” loyihasi doirasida “Men donorman” xayriya aksiyalari oʻtkazib kelinmoqda

Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish maqsadida korxona, tashkilot va muassasalarda “Qon topshir – hayot inʼom et!” loyihasi doirasida “Men donorman” xayriya aksiyasi oʻtkazilib kelinmoqda. Navbatdagi aksiya Samarqand shahar Qoʻriqlash boʻlimida oʻtkazildi.

Qoʻriqlash boʻlimiga tashrif buyurgan viloyat Qon quyish stansiyasi mutaxassislari xodimlarga qon topshirish jarayoni qanday kechishi, donorga qoʻyiladigan talablar va ularning huquqlari, jarayonda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi toʻgʻrisida tushunchalar berishdi. Qon topshirishi inson salomatligi uchun nechogʻlik foydali ekanligi, qolaversa, topshirilgan qon davolanishi qiyin boʻlgan onkogematologik va talassemiya kabi kasalliklarga chalingan bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim oʻrin tutishi xususida ham toʻxtab oʻtdi.

Shundan soʻng, Samarqand shahar Qoʻriqlash boʻlimida xizmat vazifasini oʻtayotgan koʻngilli xodimlar oʻz ixtiyori bilan “Men donorman” aksiyasida ishtirok etib, begʻaraz qon topshirishdi. Tadbir davomida viloyat Qon quyish stansiyasi mutaxassislari “Men donorman” aksiyasida faol ishtirok etib, begʻaraz donorlikni rivojlantirishga amaliy yordam koʻrsatib kelayotgan bir guruh xodimlarga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalarini topshirdi.