Yangiliklar

18 Mart 2025

Kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda targʻibotlar olib borilmoqda

Hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti xodimlari tomonidan muntazam profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir Oʻzbekiston mahallasida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida biriktirilgan masʼullar tomonidan belgilangan yoʻl xaritasi asosida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mahallani jinoyatdan holi hududga aylantirish, aholi bandligini taʼminlash, yoshlar hamda voyaga yetmaganlarni nazorat qilish maqsadida Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari hamda "mahalla yettiligi" tomonidan profilaktik targʻibotlar oʻtkazilyapti. Fuqarolarga sodir etilayotgan holatlar yetkazilib, xonadoni va obyekti daxlsizligini taʼminlashda qoʻriqlash xizmatining imkoniyatlaridan samarali foydalanish tavsiya etilmoqda.
Tumanning Sharq guli mahallasi ham "qizil" toifaga kiritilgan hududlardan biri. Mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatni jilovlash, hushyorlikni oshirish mutasaddi tashkilotlar vakillarining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Mazkur yoʻnalishda Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari aholi gavjum joylarda uchrashuvlar tashkil etib, oʻrnatiladigan qoʻriqlash va yongʻindan ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari, ularning ishlar tartibi haqida tushunchalar berdilar. Jamoat tartibini buzish bilan bogʻliq holatlar, shuningdek, oʻgʻirlik jinoyatini oldini olishda xonadon va savdo doʻkonlarida qoʻriqlash jihozlarini oʻrnatish muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Tadbirlar davomida koʻchalarda, koʻp qavatli uylarning kirish qismiga "tashvish" tugmalari, kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Fuqarolar xonadonlari va savdo doʻkonlari qoʻriqlovga olinib, hududlar nazoratga olindi. Targʻibotlar mahallalar kesimida davom etmoqda.