Yangiliklar

29 Fevral 2024

Poytaxtimizdagi maktablarda oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida ayrim oʻquvchi yoshlardan oʻtkir tigʻli buyumlar olib qoʻyildi

Chilonzor tumanidagi 195-maktabning sakkizinchi sinf va 178-maktabning 11-sinf oʻquvchilari yonida "babochka" nomli yigʻma pichoqlar olib yurganligi aniqlandi. Sergeli tumanidagi 267-maktabning 9-sinf oʻquvchisidan esa "ruchka" koʻrinishidagi pichoq olib qoʻyildi.
Mazkur maktablarga yangi tayinlangan Milliy gvardiya inspektor-psixologlari oʻquvchilarning ota-onalari bilan maktab maʼmuriyati ishtirokida profilaktik suhbatlar olib borishdi. Ota-onalarga bolalarning pichoq olib yurishi ularning muammolarga duch kelayotganligidan darak berishini va bu ularga xayoliy himoya berishini eslatdi. Shuning uchun ota-onalar farzandlarining xatti-harakatiga koʻproq eʼtibor berishi, ular bilan maktab va sinfdagi vaziyat haqida suhbatlashishi, taʼlim muassasasidagi, mahalladagi tengdoshlari bilan munosabatlari toʻgʻrisida bilishi kerakligi uqtirib oʻtildi.
Shu oʻrinda “babochka” nomli yigʻma pichoqning kelib chiqishining bir necha xil tarixi borligini bilarmidingiz? Birinchisi – mazkur pichoqni arqonlarni, boʻronda yelkanlarni bir qoʻl bilan qulay kesish uchun filippinlik dengizchilar oʻylab topishgan. Ikkinchisi – “babochka” pichogʻining kriminal oʻtmishi mavjud boʻlib, uni koʻcha bezori toʻdalar hamda jinoiy jamiyat aʼzolari oʻylab topishgan.
Agar farzandingiz dengizchi yoki koʻcha qaroqchisi boʻlmasa pichoq unga nima uchun kerak?
“Ruchka” pichogʻi haqida ham oʻsmirlar va ota-onalarga xuddi shu savolni bermoqchimiz: nega xavfli boʻlgan buyumni oʻquvchi oʻzi bilan olib yurishi kerak? Toʻgʻri, bunday pichoq ish yuritish buyumlariga kiradi va deyarli har qanday savdo nuqtasida, shu jumladan internet saytlarida sotiladi. Lekin nega bu maktab sumkasida? Axir, oʻquvchi sinfda qogʻozni pichoq bilan kesmaydi-ku.
Aziz ota-onalar, bolalaringizga diqqatli boʻling, farzandingiz mashgʻulotlari bilan qiziqing, u bilan koʻproq gaplashing, ishonchli munosabatlar oʻrnating. Axir, bu sizning zurriyotingiz, siz u haqida orzu qilgansiz va albatta uni yaxshi inson qilib tarbiyalashni xohlaysiz. Unga baxtli kelajak tilaysiz.