Yangiliklar

28 Yanvar 2026

Qoʻriqlash xizmati xodimlari oʻrtasida shukronalik va daxldorlik hissini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash masalalari yuzasidan uchrashuv tashkil etildi

Termiz shahrida Qoʻriqlash xizmati xodimlari ishtirokida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishga bagʻishlangan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xoʻjanov, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Sodiqjon Safarov hamda IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati boshligʻi podpolkovnik Alibek Choriyevlar tomonidan, xodimlarning kasbiy masʼuliyatini oshirish, xizmatga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish, shuningdek, shukronalik va daxldorlik hissi bilan yashash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilish davomida taʼkidlanganidek, xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilish har bir qoʻriqlash xodimining asosiy burchi hisoblanadi. Intizom nafaqat xizmat samaradorligini oshiradi, balki jamoada oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhitini mustahkamlaydi. Shu bois, har bir xodim oʻz vazifasiga daxldorlik hissi bilan yondashib, yuklatilgan masʼuliyatni toʻliq anglashi lozim.
Shukronalik hissi bilan yashash, yaʼni mavjud imkoniyatlar, yaratilgan shart-sharoitlar va bildirilayotgan ishonchni qadrlash muhim ekani qayd etildi. Bu esa xodimlarning maʼnaviy-ruhiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, xizmat faoliyatida faollikni oshiradi.

Muloqot davomida xizmat intizomini buzish bilan bogʻliq holatlar, ularning oqibatlari va oldini olish choralari yuzasidan ham fikr almashildi. KORRUPSIYA holatlariga qarshi kurashish, uning oldini olish har bir xodim uchun birdek tegishli boʻlgan vazifa, masʼuliyat hisoblanishi aytib oʻtildi.

Uchrashuv yakunida xodimlar bilan muntazam ravishda profilaktik tarbiyaviy suhbatlar olib borish, muammo va takliflarini oʻrganish, huquqiy bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish yuzasidan qoʻriqlash xizmati masʼul ofitserlariga tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.