Yangiliklar

21 Fevral 2026

Toshkent shahri Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha “Poytaxt namunasi” loyihasi amalda

Bugungi kunda jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan “Poytaxt namunasi” loyihasi doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida tuman aholisi oʻrtasida zamonaviy qoʻriqlash vositalarining ahamiyatini tushuntirish, ulardan samarali foydalanish boʻyicha targʻibot-profilaktik tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar orqali fuqarolarning xavfsizlikka boʻlgan ongi oshirilib, turli noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy koʻnikmalar shakllantirilmoqda.

Shuningdek, Chilonzor tumanidagi koʻp qavatli uylar yoʻlaklariga tashvish tugmalarini oʻrnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mazkur tugmalar orqali favqulodda holatlarda tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarini zudlik bilan chaqirish imkoni yaratilib, huquqbuzarliklar hamda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan. Bundan tashqari, fuqarolar xonadoniga mobil tashvish tugmalari oʻrnatilib, aholining shaxsiy xavfsizligi yanada mustahkamlanmoqda.

Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar poytaxtda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, aholini mulkiy tajovuzlardan himoya qilishga xizmat qilmoqda. “Poytaxt namunasi” loyihasi doirasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, Toshkent shahrini yanada xavfsiz va barqaror megapolisga aylantirishga qaratilgan.