Yangiliklar

21 Oktyabr 2025

Oʻzbek tili — milliy gʻururimiz!

21 oktabr — oʻzbek xalqi uchun ulugʻ va tarixiy sanalardan biri. Ana shu kunda, yaʼni 1989 yilda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu sana milliy oʻzlik, til va madaniyatimizning yuksak qadr-qimmatini yana bir bor anglatadi. Shu munosabat bilan Qoʻriqlash departamenti va uning hududiy boʻlinmalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Tadbirlarda barcha boʻlinmalarning shaxsiy tarkiblari, professor-oʻqituvchilar hamda talaba va oʻquvchilar ishtirok etib, davlat tilining rivojlanish bosqichlari, oʻzbek tilining boy lugʻat zaxirasi va uning ilmiy hamda madaniy ahamiyati haqida maʼruzalar bilan chiqish qildilar. Davra suhbatlarida davlat tilining jamiyat hayotidagi oʻrni, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va iftixor tuygʻusini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, oʻzbek tilining mustaqillikni mustahkamlashdagi roli, uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati hamda tilni asrab-avaylash va rivojlantirish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani haqida fikrlar bildirildi. Uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar ona tiliga boʻlgan muhabbat va sadoqatni amaliy faoliyatda ham namoyon etish, yoshlar oʻrtasida davlat tilini ardoqlash boʻyicha targʻibot ishlarini kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.