Yangiliklar

13 Sentyabr 2025

Yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha koʻnikmalar mustahkamlandi

Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi hamda viloyat YHXB masʼul xodimlari tashabbusi bilan xodimlar ishtirokida yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilish madaniyatini oshirish, avariyalarning ayanchli oqibatlari, eʼtiborsizlik va oʻziga ishonish natijasida yuz berayotgan koʻngilsiz hodisalar xususida koʻrgazmali targʻibot tadbiri tashkil etildi.

Termiz shahar Qoʻriqlash boʻlimida tashkil etilgan uchrashuvda YTHda ishtirok etgan avtomashinaning ayanchli holati koʻrsatilib, uning sabablari bayon etildi. Haydovchi va piyodalarning yoʻllarda qoidalarga amal qilmasligi tanqidiy muhokama qilindi.

Shundan soʻng xodimlar orasidan shaxsiy va xizmat avtomashina haydovchilari uchun haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash avtomaktabida oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi. Mashgʻulotda malakali mutaxassislar tomonidan yoʻl harakati qoidalari va xavfsiz harakatlanish borasida tushunchalar berildi. Ular oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan asosli javoblar olishdi.

Boshqarmaning ofitser xodimlari bilan ham targʻibot tadbiri davom etdi. Bunda xodimlar tomonidan sodir etilgan YTH muhokama qilinib, avtomobil yoʻllarida yuz berayotgan avariyalar aks etgan video lavha namoyish etildi. Yigʻilish ishtirokchilariga oʻzlari, oila aʼzolari va qoʻl ostidagi xodimlari bilan muntazam tushuntirish-targʻibot ishlarini tashkil etishlari, transport vositasidan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etishini nazorat qilishlari tushuntirildi.