Yangiliklar

17 Noyabr 2023

TERMIZDA SPORTNING KAMONDAN OTISH TURI BOʻYICHA YOSHLAR OʻRTASIDA MILLIY GVARDIYA KUBOGI UCHUN MUSOBAQA BOʻLIB OʻTDI

Prezidentimizning 2021 yilning 17 iyun kunidagi “Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi doirasida, Surxondaryo viloyatida buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan mazkur sport turini keng targʻib etish, yoshlarning qiziqishini oshirish borasida qator saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Kamondan otish federatsiyasi tomonidan ishlar tizimli tashkil etilmoqda. Muntazam ravishda joylarda kamondan otish borasida mahorat darslari hamda turli musobaqalar uyushtirilmoqda.
Kuni kecha Termiz shahridagi "Amudaryo" bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida viloyat hududidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi Milliy gvardiyaga biriktirilgan "qizil" toifaga kiritilgan yoshlar hamda havaskorlar oʻrtasida Milliy gvardiya kubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi. Viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 100 nafardan ortiq shahar va tumanlardan tashrif buyurgan oʻgʻil-qizlar ishtirok etib, yakkalik va jamoaviy bahslarda oʻz merganlik mahoratlarini namoyon qildilar. Ushbu qizgʻin va murosasiz bellashuvlar malakali murabbiylar tomonidan odilona baholab borildi.
Umumiy natijalarga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasida yakkalik bahslarida faxrli 1 oʻrinni Ilyos Xolmirzayev (Sariosiyo tumani), 2 oʻrinni Shaxboz Bobonazarov (Oltinsoy tumani) hamda 3 oʻrinni Najmiddin Komilov (Termiz tumani) egalladilar. Qizlar oʻrtasida esa, 1 oʻrin Zebo Quvondiqova (Sariosiyo tumani), 2 oʻrin Nigina Xidirova (Termiz tumani) hamda 3 oʻrin Charos Abdugʻaniyevaga (Termiz tumani) nasib etdi.
Jamoaviy oʻyinlarda, oʻgʻil bolalar bahslarida faxrli 1 oʻrinni Sariosiyo tumani jamoasi, 2 oʻrinni Qumqoʻrgʻon tumani jamoasi, 3 oʻrinni esa Sherobod tumani vakillari qoʻlga kiritdilar. Qizlar oʻrtasidagi oʻyinda 1 oʻrin Sariosiyo tumani jamoasiga, 2 oʻrinni Termiz tumani va 3 oʻrin Muzrabot tumani jamoalariga munosib koʻrildi.
Barcha gʻolib boʻlgan ishtirokchilarga Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" boshqarmasining diplom, medal, musobaqa kubogi hamda qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, ushbu tadbirni oʻtkazishda oʻzining munosib hissasini qoʻshgan murabbiylar va bir guruh yoshlar ham eʼtirof etilib, tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari tuhfa etildi.