Yangiliklar

26 Aprel 2023

"YOSH GVARDIYACHI" HARBIY-SPORT MUSOBAQASI TUMAN BOSQICHI BO‘LIB O‘TMOQDA

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xislatlarni shakllantirish maqsadida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani "Qo‘riqlash" bo‘limi, Xalq ta’limi bo‘limi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda Oltiariq tumanida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7 va 8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar 7 ta shart, xususan, tanishtiruv, saf tayyorgarligi, gazga qarshi maxsus vositalarin kiyish, estafeta, qo‘l jangi usullari namoyishi, turnikda tortilish va kamondan otish shartlari bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.
O‘zlarining shijoati va epchilliklari bilan 31-umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan "Shunqorlar" jamoasi uchinchi o‘rinni, 13-umumta’lim maktabi "Chaqqonlar" jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 14-umumta’lim maktabining "Yosh gvardiyachilar" jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi hamda viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Yakunda musobaqada ishtirok etgan jamoalarning faol qatnashchilariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Close menu