Qoʻriqlash xizmati xodimlari inson hayoti yoʻlida qon topshirishdi
Har kuni dunyo boʻyicha yuz minglab odam donor qoniga ehtiyoj sezadi. Ayniqsa, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan insonlar, baxtsiz hodisa tufayli ogʻir tan jarohati olgan va murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar hayotini saqlab qolishda qon muhim vosita sanaladi. Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari ham doimiy ravishda qon topshirib, donorlik harakatiga faol boʻlib kelmoqdalar. Ushbu ezgu tashabbus xodimlarning nafaqat xizmat burchini sidqidildan ado etishini, balki jamiyat oldidagi insoniy masʼuliyatini ham yaqqol namoyon etmoqda.
Kuni kecha soha xodimlari begʻaraz donorlik qilish istagini bildirgan holda, viloyat qon quyish markaziga tashrif buyurdilar. Qon topshirish jarayonida har bir ishtirokchi tekshiruvdan oʻtkazilib, salomatligi alohida nazoratga olindi. Aytish joizki, sogʻlom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz, shu bilan birga, foydalidir. Begʻaraz donorlik kimningdir salomatligi, uning hayoti uchun hadya etiladigan bebaho neʼmat. Tibbiyotda turli xil kasalliklar, shuningdek, favqulodda jarohat olgan insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar koʻp qon yoʻqotishi natijasida ularning hayoti qil ustida boʻlib qoladi. Bunday bemorlar albatta, donorlarning beminnat yordamlariga ham tayanadilar. Oʻtkazilib kelinayotgan "begʻaraz qon topshirish" aksiyalari insonparvarlikni namoyon qilib, bemorlar uchun koʻmak koʻrsatish, muhim hayotiy ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi.
Insonlarning salomatligini tiklash yoʻlidagi bu tashabbus orqali Qoʻriqlash xizmati xodimlari ham, koʻplab bemorlar uchun zarur boʻlgan hayot tomchilarining yigʻilishiga sidqidildan oʻz hissalarini qoʻshishdi.