Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga sayohat
Milliy gvardiya Toshkent viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy maʼrifiy yodgorliklar majmuasiga sayohat uyushtirildi.
Majmua markazida oʻrnatilgan Islom Karimov haykali xalqining fidoyi rahbariga boʻlgan hurmat va ehtirom ramzi sifatida qad rostlagan, deyish mumkin. Haykal bronzadan yasalgan boʻlib, u birinchi prezidentning ishonch va qatʼiyat bilan oldinga qarab turgan holatida tasvirlangan. Shundan soʻng xodimlar majmuada joylashgan galereyada ham boʻlishib, Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga oid hujjatlar, suratlar va tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishishdi. Ekspozitsiyalarda uning yeshlik yillari, taʼlim olgan davri, siyosiy faoliyatining ilk bosqichlari hamda Oʻzbekistonning mustaqillik yoʻlidagi faoliyati aks ettirilgan. Ayniqsa, 1991 yilda qabul qilingan tarixiy qarorlar va Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti sifatida Islom Karimovning bajargan islohotlari haqidagi materiallar xodimlarda katta taassurot qoldirdi.
Mazkur sayohat davomida Milliy Gvardiya xodimlari Islom Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini taʼminlash yoʻlidagi ulkan xizmatlari va tarixiy faoliyati bilan chuqurroq tanishdilar. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur tashrif xodimlarning nafaqat Oʻzbekiston mustaqilligi tarixini, balki Islom Karimovning davlat qurilishiga qoʻshgan hissasini yanada chuqurroq anglashga sabab boʻldi. Mustaqillik neʼmatini anglash va vatanga sadoqat bilan xizmat qilish muhimligini yana bir bor eslatdi. Shu jihati bilan ham ushbu tashrif tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, xodimlarning vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga katta hissa qoʻshadi.