Yangiliklar

5 Oktyabr 2025

Kibersport musobaqasi boʻlib oʻtdi

Yurtimizda kibersportni xavfsiz rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha ekotizim yaratish, musobaqalar va turnirlarni tizimli ravishda oʻtkazish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional kibersportga yoʻnaltirish, axborot texnologiyalari va IT-industriya uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Ayni shu maqsadda, Navoiy viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda, Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari ishtirokida kibersportning Counter Strike yoʻnalishi boʻyicha musobaqa tashkil etildi.

Musobaqa koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilib, xodimlar oʻzlarining mazkur sohadagi bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Yakuniy natijalarga koʻra, 3 oʻrinni Karmana tumani Qoʻriqlash boʻlimi, 2 oʻrinni Alohida batalon hamda faxrli 1 oʻrinni Navoiy shahar Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari egallashdi. Gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.