Xizmat intizomi va qonunbuzarliklar profilaktikasi — doimiy eʼtibor markazida
Shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish masalalarini yanada mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, faoliyatda qonuniylik tamoyillarini toʻliq taʼminlash, shuningdek, xizmat davomida sodir etilishi mumkin boʻlgan turli koʻngilsiz holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tashabbusi bilan navbatdagi profilaktik tadbir tashkil etildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida oʻtkazilgan ushbu tadbirda Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida xizmat olib borayotgan xodimlar, Qoʻriqlash bosh boshqarmasi masʼul xodimlari hamda boshqarma rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir davomida xizmat intizomi, ichki tartib qoidalari, xizmat davomida oʻzini tutish madaniyati, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish, shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash va jamoat tartibini saqlash kabi muhim masalalar yuzasidan amaliy tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlash joizki, har bir xodimning faoliyati nafaqat xizmat samaradorligi, balki uning qonunlarga rioya qilishi, shaxsiy masʼuliyati va odob-axloq normalariga qatʼiy amal qilishi bilan ham baholanadi. Shu bois, ushbu tadbirda masʼullar tomonidan xizmat intizomiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish lozimligi, xizmatda va xizmatdan tashqari vaqtda ham oʻzini tiniq va namunaviy tutish har bir xodimning burchi ekanligi alohida qayd etildi.