Yangiliklar

9 Fevral 2026

Gʻazal mulki sultoni – Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanmoqda

Oʻzbek adabiyoti va maʼnaviyatining yirik namoyandalari buyuk mutafakkir va shoir Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan respublikamizda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, bugun Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isxoqxon Toʻra Ibrat nomidagi ijod maktabida “Navoiy – qalblarda mangu barhayot” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda oʻquvchilar, viloyat Qoʻriqlash xizmati xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olganlar Mir Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi, uning oʻzbek va jahon adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, insonparvarlik gʻoyalari va gʻazallaridagi yuksak maʼnolar haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, yoshlar uchun Navoiy ijodini chuqur oʻrganishning ahamiyati taʼkidlanib, ulugʻ shoir gʻoyalarini bugungi kunda ham targʻib etish muhimligi qayd etildi.

Shu bilan birga Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash xizmatida ham oʻtkazilgan uchrashuvda tuman va shahar Qoʻriqlash boʻlimlari xodimlarning ishtiroki taʼminlandi. Ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Qoʻriqlash xizmati rahbariyati hamda taklif etilgan mutaxassis ishtirokida oʻtkazilib, unda Alisher Navoiy merosining milliy maʼnaviyat, maʼrifat va davlatchilik rivojidagi oʻrni atroflicha yoritildi.

Taklif etilgan mutaxassis Alisher Navoiy asarlarida insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik va yuksak axloqiy qadriyatlar tarannum etilganini taʼkidlab, bu gʻoyalar bugungi kunda ham xizmat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, shoirning ilmiy-maʼrifiy merosi yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egaligiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Tadbir yakunida mazkur yoʻnalishdagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi, milliy qadriyatlar va maʼnaviy merosni targʻib etishga qaratilgan tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi.