Mahallarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy soha obyektlarning ishonchli himoyasini tashkil etish hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari qorovullarining kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Qoʻriqlash departamenti rahbariyati Qashqadaryo viloyatida oʻrganish ishlarini davom ettirmoqda
Oldin xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari tomonidan respublikamiz boʻylab xavfsiz muhit va jinoyatchilikdan holi hududlarni tashkil etish borasidagi vazifalari ijrosini taʼminlash, shuningdek obyektlarning ishonchli himoyasini taʼminlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari qorovullarining kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Qoʻriqlash departamenti rahbariyati tomonidan Qashqadaryo viloyatida oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, mazkur ishlar davomida mahallalarda hamda savdo markazlarda navbatdagi targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilgan boʻlib, yigʻilgan fuqaro hamda tadbirkor subyektlari jamoat tartibini saqlash, oʻgʻirlik, tartibsizlik va kelib chiqishi mumkin boʻlgan koʻngilsizliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirgan ishlar bilan tanishtirildi. Masʼullar tomonidan Qoʻriqlash xizmatlari va afzalliklari xususida koʻrgazmali materiallar tarqatildi.
Shu bilan birga viloyat hududida joylashgan taʼlim muassasalariga tashriflar buyurilib, "Xavfsiz maktab" loyihasiga asosan maktablarning xavfsizligini taʼminlashda qorovullik xizmatini tashkil etish, oʻquv muassasalariga oʻrnatilgan "tashvish" tugmalari va videokuzatuv tizimlarini takomillashtirish, tezkor harakatlanuvchi guruhlarning xizmat faoliyatini kuchaytirish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish ishlari davomida aniqlangan barcha muammo va kamchiliklarni hal etish maqsadida masʼullar biriktirilib, zarur chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilab olindi.