Tizim xodimlarining ijtimoiy ahvolini oʻrganish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amaliy choralar koʻrilmoqda
Qoʻriqlash Departamenti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan tizim xodimlarining ijtimoiy ahvolini oʻrganish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amaliy choralar koʻrilmoqda. Bu borada maxsus ishchi guruh tashkil etilib, keng qamrovli oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Fargʻona viloyatining Beshariq hamda Furqat tumanlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida masʼullar tomonidan hududlarda mahalla vakillari bilan birgalikda xodimlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ularning yashash sharoitlari yaqindan oʻrganildi. Xodimlar va ularning oila aʼzolari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazilib, mavjud muammolar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ushbu jarayonlar davomida mahalla faollari va jamoatchilik vakillari bilan ham muloqotlar tashkil etildi. Mazkur muloqotlarda davlat tashkilotlari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bu saʼy-harakatlar Qoʻriqlash xizmatida inson omiliga boʻlgan eʼtibor, xodimlarga boʻlgan gʻamxoʻrlik va ularning ruhiy-maʼnaviy hamda ijtimoiy barqarorligini taʼminlash borasidagi izchil harakatlarning amaliy ifodasidir.