Qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining jangovar tayyorgarligi va jismoniy mahorati yuksalmoqda
Ichki ishlar organlarining Qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibini har qanday tahdidlarga jangovar tayyorlash, ularning jismoniy va maʼnaviy barkamolligini mustahkamlash maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, shaxsiy tarkib bilan turli yoʻnalishlarda mashgʻulotlar tashkil etilmoqda. Jumladan, poligonlarda jangovar tayyorgarlik mashqlari oʻtkazilib, xodimlar shartli vaziyatlarda harakat qilish, taktik harakatlarni muvofiqlashtirish va amaliyotda qoʻllash koʻnikmalarini mustahkamlamoqda.
Shu bilan birga, xodimlarning sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va kuch-quvvatini oshirish maqsadida sport zallarda jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari muntazam oʻtkazilmoqda. Bu mashgʻulotlar doirasida yugurish, turli sport turlari hamda kuch tayyorgarligiga oid mashqlar bajarilib, shaxsiy tarkibning bardamligi yanada mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, xodimlarning qurol bilan ishlash mahoratini oshirish maqsadida elektron tirlarda otish mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu jarayonda xizmatchilar zamonaviy elektron simulyatorlar orqali aniqlik, tezkorlik va psixologik barqarorlikni shakllantirmoqda.
Ushbu kompleks chora-tadbirlar qoʻriqlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibining jangovar salohiyatini yuksaltirish, ularning har qanday sharoitda samarali harakat qilish qobiliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.