Yangiliklar

14 Fevral 2026

Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish hamda ijtimoiy soha obyektlarda xavfsizlik tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Respublikamiz boʻylab oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilmoqda

Davlatimiz rahbarining 27 yanvar kuni Toshkent shahar Qoʻriqlash xizmatida bergan topshiriqlarining amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida Qoʻriqlash departamenti xodimlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijtimoiy obyektlarda xizmat olib borayotgan idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan 1 haftalik oʻquv mashgʻulotlari tashkil etishmoqda.

Jumladan, kuni kecha Toshkent shahri hamda Namangan viloyati Qoʻriqlash xizmati shaxsiy tarkiblari uchun tashkil etilgan ushbu mashgʻulotlar davomida respublikaning barcha ijtimoiy soha obyektlarida faoliyat yuritayotgan idoraviy qorovullarning favqulodda holatlarda harakat qilish, alohida sharoitlarda birgalikda ish olib borish va tezkor qaror qabul qilish koʻnikmalarini yanada takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, soʻz olganlar idoraviy qorovullik boʻlinmalarining vazifalari va ularni tashkil etish tartibi, Qoʻriqlash boʻlinmalarning ishchi va xizmatchilariga, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularning huquqlari, majburiyatlari va ijtimoiy himoyasi, shuningdek, boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartiblari haqida mulohazalar bildirib oʻtdilar.