Yangiliklar

5 Sentyabr 2025

"Qizil" toifadagi mahallalar aholisining muammolarini bartaraf qilish borasida uchrashuv va suhbatlar tashkil etilmoqda

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi polkovnik Z.Toʻychiyev tomonidan Fargʻona shahrining Shakarqishloq murakkab mahallasida profilaktika kuni doirasida bir qator uchrashuv va suhbatlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda mahallaning huquq-tartibot holati, aholi farovonligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama etildi. Jumladan, probatsiya boʻlimi hisobida turgan, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan, shuningdek, jinoyat sodir etish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar bilan alohida yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Ularda turli huquqiy tushunchalar berildi, hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlash, qonunlarga rioya qilish, oila va jamiyat oldidagi masʼuliyatni anglab yetish masalalariga urgʻu qaratildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan shaxslar va kam taʼminlangan oilalar bilan ham muloqot oʻtkazildi. Uchrashuvlar davomida ularning kundalik turmushida uchrayotgan muammolari va ehtiyojlari oʻrganilib, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

Mahalla aholisi bilan oʻtkazilgan samimiy muloqotlarda fuqarolarning taklif va tashabbuslari ham tinglanib, ularni amalga oshirish boʻyicha zarur choralar koʻrish belgilandi.