Xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun muzeylarga sayohatlar tashkil etilmoqda
Xodimlar va ularning oila aʼzolarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ulardagi Vatanimizning oʻtmishi va buguni haqidagi tushunchalarni yanada oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Navoiy viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari uchun Navoiy shahridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga sayohat tashkil etildi. Mazkur sayohat davomida xodimlar urush davrining asosiy voqealari, viloyatning tarixi hamda hozirgi kundagi faoliyati, qadimiy eksponatlar haqidagi bilimlarga ega boʻldilar.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlarining bilimga chanqoq farzandlarini boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazish maqsadida Urganch shahridagi Oʻzbekiston zamonaviy Sanʼat muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Tashrif davomida bolajonlar jonajon Vatanimizning shonli oʻtmishidan hikoya qiluvchi noyob sanʼat asarlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bu kabi muzeylarga tashriflar farzandlarimizga xalqimizning boy tarixiy oʻtmishini yanada yaxshiroq bilish bilan bir qatorda, ajdodlarimizga munosib izdosh boʻlish kabi tuygʻularni yanada oshirishga xizmat qiladi.