Aholi oʻrtasida Qoʻriqlash xizmatining afzalliklari boʻyicha navbatdagi targʻibot tadbirlari oʻtkazildi
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Qoʻriqlash xizmati rahbariyati va xodimlari tomonidan aholi oʻrtasida targʻibot tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlar davomida aholiga Qoʻriqlash xizmati koʻrsatadigan moddiy va texnik himoya vositalari, ularning imkoniyatlari va qulayliklari, xonadon va obyektlarni texnik qoʻriqlash tizimlariga ulash tartibi, xizmat narxlari va shart-sharoitlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Bundan tashqari videokuzatuv tizimlari va favqulodda chaqiruv tugmalari ishlash prinsipi boʻyicha amaliy koʻrgazmalar koʻrsatilib, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqotlar boʻlib oʻtdi, ularning savollariga batafsil javoblar berildi.
Shu bilan birga Samarqand shahrida joylashgan Toshkent – Samarqand yoʻnalishidagi avtoshox bekatida joylashgan savdo rastalarini texnik hamda jismoniy qoʻriqlovga olish, shuningdek jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlari olib borildi. Ushbu ishlar davomida hududni toʻliq kameralashtirish, texnik qoʻriqlash pultiga ulanish, mazkur hududni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish orqali aholi xavfsizligini taʼminlash amalga oshirilishi kechiktirib boʻlmas ishlar yuzasidan tegishli masʼullarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.