Xodimlarning ish faoliyati va jamoaviy munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan davra suhbati hamda psixologik treninglar tashkil etildi
Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida xizmat intizomi, xodimlar oʻrtasida samarali hamkorlik va sogʻlom ish muhitini shakllantirish maqsadida qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining psixologiya fanlari boʻyicha dotsenti, mutaxassis M.Sultonova ishtirokida “Oilaviy munosabatlarda oʻzaro konflikt va nizolarni bartaraf etishning psixologik jihatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda shahar va tuman qoʻriqlash boʻlimlari xodimlari faol ishtirok etib, xodimlarga hayotiy misollar orqali amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida Boshqarma psixologlari tomonidan harbiylashtirilgan nazoratchilar uchun maxsus psixologik treninglar oʻtkazildi. Ushbu mashgʻulotlar doirasida qum terapiyasi, aqliy faoliyatni ragʻbatlantiruvchi mashqlar, shuningdek, ijtimoiy va shaxsiy qobiliyatlarni rivojlantiruvchi rolli oʻyinlar amalga oshirildi.
Bunday tadbirlar xodimlarning ruhiy barqarorligini taʼminlash, jamoada birdamlik va hamjihatlik muhitini yuzaga keltirishga xizmat qiladi.