“Kitob – maʼrifat manbai!” mavzusida davra suhbatlari tashkil etildi
Qoʻriqlash departamentida xizmat qilayotgan xodimlarning maʼnaviy savodxonligini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida hududlarda doimiy ravishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda. Xususan, hududlardagi boshqarmalarda kitobxonlik, uch avlod uchrashuvlari, zakovat intellektual oʻyinlari, tarixiy qadamjolar, muzeylarga sayohatlar tashkil etilib, xodimlarimizning bilim va koʻnikmalari mustahkamlanmoqda.
Ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari ishtirokida axborot-kutubxona markazlarida “Kitob – maʼrifat manbai!” mavzusida davra suhbatlari oʻtkazildi.
Tadbirlarda aholi oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, kitob mutolaasining inson maʼnaviyati va intellektual salohiyatini oshirishda tutgan oʻrni haqida fikr almashilib, shaxsiy tarkibning kelajagi uchun xizmat qiladigan adabiyotlar bilan tanishtirildi va kutubxona fondida saqlanayotgan kitoblar boʻyicha tushunchalar berildi.