Mahalla yoshlari uchun navbatdagi vatanparvarlik tadbiri
Yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini yanada shakllantirish maqsadida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan "Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!" shiori ostida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tadbirda tumanning Yangiturmush, Neftchilar, Uzumzor, Oftobqoʻrgʻon hamda Xalqabod mahallalaridagi uyushmagan yoshlar hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirok etdi. Unda yoshlar Milliy gvardiya xodimlarining hayoti va ular uchun yaratilayotgan sharoitlar, qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishib, otlarda sayr qildilar.
Shundan soʻng, yoshlarga vatanparvarlik, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchalar berildi.
Hududda "Milliy libos – maʼnaviyat koʻzgusi!", "Mahallam – mening faxrim", "Sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz!", "Uch avlod uchrashuvi" kabi mavzularda turli madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari uyushtirilib, oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqti mazmunli oʻtishiga xizmat qildi.