TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYIGA SAYOHAT TASHKIL ETILDI
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi munosabati bilan Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Ekskursiya davomida Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasi ayol xodimalariga Amir Temur va Temuriylar davriga oid qoʻlyozmalar, Ulugʻbekning astronomik asboblari va Temuriylar davriga oid boshqa koʻplab madaniy qadriyatlar namunalari tanishtirildi. Shuningdek, etnografik ahamiyatga ega boʻlgan buyumlar, qurol-yarogʻlar, kiyim-kechaklar haqida batafsil maʼlumotlar berilib, Amir Temur siymosi, harbiy yurishlari va jangovar harakatlari tarixiy asoslar bilan tushuntirib borildi.
Mazkur muzey eksponatlari tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, Amir Temur nafaqat davlat arbobi, balki ilm-fan, sanʼat va madaniyat, hunarmandchilik, maʼnaviyat va maʼrifat homiysi boʻlganidan dalolat beradi. Qolaversa, ushbu maskan muzeyni koʻzdan kechirgan har bir insonga oʻzlikni chuqurroq anglash, tarix bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasi ayol xodimalar uchun tashkil etilgan mazkur sayohat esa kelgusida xizmat vazifalarini vatanparvarlik tuygʻulari ila sidqidildan ado etishlarida yanada shijoat bagʻishlaydi.