Yosh xodimlar va ularning ota-onalari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi
Buxoro viloyati Qoʻriqlash boshqarmasiga yangi ishga qabul qilingan yosh xodimlarning ota-onalari bilan ochiq va samimiy ruhda davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yosh kadrlarning xizmat faoliyatiga oid muhim jihatlar bilan ota-onalarni yaqindan tanishtirish, ularning fikr-mulohaza va takliflarini tinglash, farzandlarining tanlagan yoʻli boʻyicha ota-onalarda toʻliq ishonch uygʻotishdan iborat boʻldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga Qoʻriqlash tizimidagi xizmat tartibi, yosh xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni kutayotgan masʼuliyatlar, xizmat intizomi, huquqiy va ijtimoiy kafolatlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Tadbirda soʻz olgan masʼullar bugungi kunda Qoʻriqlash tizimida xizmat qilayotgan har bir xodim Vatanga sadoqatli, jismonan chiniqqan, intizomli va bilimli boʻlishi zarurligi bu yoʻlda ota-onalarning koʻmagi beqiyos ahamiyatga ega ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Ota-onalar oʻz navbatida ushbu uchrashuvni tashkillashtirganlik uchun minnatdorlik bildirib, farzandlarining tanlagan kasbi bilan faxrlanishlarini, ularning xizmatdagi muvaffaqiyatlari oilaviy gʻurur ekanini taʼkidlashdi.
Bunday uchrashuvlar xodimlar, ularning oila aʼzolari oʻrtasida ochiq muloqot, ishonch va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.