"Ochiq eshiklar kuni" tadbiri tashkil etildi
Milliy gvardiya xodimlari tashabbusi bilan yoshlar uchun hududlarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda. Jumladan, kuni kecha Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasida otaliqqa olingan yoshlar hamda maktab oʻquvchilari uchun "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri tashkil etildi.
"Ochiq eshiklar kuni" tadbiri Milliy gvardiya viloyat boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligida uyushtirildi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, harbiy bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash maqsadida uyushtirilgan bir kunlik sayohat oʻgʻil-qizlarda katta taassurot qoldirdi. Unda yoshlarga harbiy xizmatchilar va xodimlar oʻz jangovar mahoratlarini, harbiy texnikasini hamda xizmat itlarining imkoniyatlarini namoyon qilib, boʻlinmalardagi maxsus texnikalar, qurol-aslahalar hamda jihozlar bilan yaqindan tanishtirdilar. Boshqarmada yaratilgan qulayliklar, sport zalda tashkil etilgan sport toʻgaraklari haqida maʼlumotlar berilib, qiziquvchan yoshlar doimiy tarzda kelib shugʻullanishlari mumkinligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, yoshlar uchun psixologik trening mashgʻulotlar olib borilib, ularga motivatsiya berish hamda taʼsirchan mexanizmlar orqali psixologik yordam koʻrsatish ishlari amalga oshirildi.
Tadbir doirasida yoshlar oʻrtasida arqon tortish, tosh koʻtarish, shaxmat-shashka hamda kamondan otish sport turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirilgani, qatnashchilarga katta qiziqish va koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
"Ochiq eshiklar kuni" doirasida "Rahbar va Yoshlar" uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Unda viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshligʻi hamda Termiz harbiy prokurori oʻgʻil-qizlar bilan muloqot qilib, ularning takliflari, xohish istaklarini tingladilar. Yurtimizda Qurollik Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritilib, zarur tavsiyalar berildi.
Aytish kerakki, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularni kelajakda oʻzi tanlagan kasb-hunar egasi boʻlishiga koʻmaklashish, vatanparvarlik tuygʻusini, maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbir esa oʻgʻil-qizlarda ushbu yuksak fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.