Milliy gvardiya boʻlinmalari shaxsiy tarkibi oʻrtasida harbiy intizomni mustahkamlash, qonunchilikka rioya qilish va ijtimoiy himoya masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning yanvar oyida Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarning amaliy ijrosi yuzasidan, Milliy gvardiya boʻlinmalari shaxsiy tarkibi oʻrtasida harbiy intizomni mustahkamlash va huquqiy madaniyatni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor tarzidagi hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov, Respublika harbiy prokurori oʻrinbosari adliya polkovnigi O.Xolboyev, Respublika harbiy sudi sudyasi O.Jumayev, Davlat xavfsizlik xizmati masʼul vakillari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari, harbiy xizmatchilar va xodimlar ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida Milliy gvardiya boʻlinmalarida harbiy xizmatchilarning intizomini yaxshilash, harbiy kadrlarni tanlash, tayyorlash va kelgusida xizmatni tashkil etish borasidagi chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchi va xodimlarning ijtimoiy himoyasi va ularning salomatligini yaxshilash, tiklash borasida profilaktika ishlarini jadallashtirish kerakligiga urgʻu qaratildi.
Qonunchilik targʻiboti borasidagi ishlar ham tahlil qilindi. Kelib tushayotgan murojaatlarni oʻz vaqtida ijobiy hal etish zarurligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sportga, fan toʻgaraklariga jalb etish, bandligini taʼminlash yoʻnalishidagi vazifalarni muntazam davom ettirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Hisobot yigʻilishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.