Taʼlim muassasalarida xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan muhim vazifalar muhokama etildi
Kuni kecha Fargʻona shahridagi umumiy oʻrta taʼlim hamda maktabgacha taʼlim muassasalarining masʼul xodimlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻtkazilgan uchrashuvda Milliy gvardiya Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi masʼullari, hududiy profilaktika inspektorlari va Maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmasi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligining 2023 yil 11 aprel kunidagi “Taʼlim muassasalarining xavfsizligini taʼminlash, hamkorlik qilish hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilari lavozimlariga nomzodlarga qoʻyiladigan talablarning tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash xaqida”gi qarori mazmun mohiyatini toʻliq yetkazish, taʼlim muassasalarida psixologik muhitni yanada yaxshilash, oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonun buzilishlarga qarshi immunitetni shakllantirish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, “Maktab-mahalla-oila” tamoyili asosida taʼlim jarayonida oʻquvchilarning davomatini tashkil etish, bu boradagi muammo va ularning yechimlari hamda oʻquv muassasalarida harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Uchrashuv yakunida esa idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarining bilim saviyasini oshirish maqsadida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib, qatnashchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.