Yangiliklar

14 Iyul 2024

KIBERXAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH – DAVR TALABI

Kuni kecha “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi" doirasida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari ishtirokida kiberjinoyatlarning oldini olish boʻyicha navbatdagi targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlarda Milliy gvardiya viloyat boʻyicha boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi rahbariyati, Kiberxavfsizlik guruhi mutaxassislari, xodimlar va ishchi-xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari ishtirok etdilar. Unda hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarimiz firibgarlik, oʻgʻrilik va boshqa shu kabi jinoyatlar qurboniga aylanib qolayotganligi haqida soʻz yuritilib, ushbu jinoyat qurboniga aylanmaslik uchun amal qilinishi lozim boʻlgan choralar hamda bu kabi har xil aldovlarga ishonmaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bu borada fuqarolarda internet tarmogʻidan samarali foydalanish madaniyatini yuksaltirish, bilim va koʻnikmalarini oshirish muhimligi taʼkidlandi. Shaxsiy maʼlumotlarni va bank plastik kartalarni begona shaxslarga bermaslik zarurligi qayd etildi.
Aytish kerakki, virtual olamdagi jinoyatlar, xususan, hisob raqamlardagi pullarni oʻmarish, plastikdan pul yechish, havolalar orqali adashib kirib qolish natijasida shaxsga tegishli barcha maʼlumotlarni egallab olish kabi holatlar koʻpayayotgani har bir shaxsdan hushyor boʻlishni talab etadi. Tadbir davomida xodimlarga kiberjinoyatlarning oldini olish va aholini kiberolamdagi tahdidlardan immunitetini oshirish maqsadida hududlarda targʻibot ishlarini yanada jadallashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Yakunda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga maʼruzachilar tomonidan tegishli javob va maʼlumotlarga ega boʻldilar.