Kiberxavfsizlikni taʼminlash – davr talabi
Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash xizmatida xodimlar ishtirokida kiberjinoyatlarning oldini olish boʻyicha navbatdagi targʻibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi. Tadbirda Qoʻriqlash xizmati rahbariyati, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi masʼullari ishtirok etib, kiberjinoyatlarning bugungi kundagi dolzarbligi, internet tarmogʻida keng tarqalgan firibgarlik usullari, soxta havolalar va zararli dasturlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlar haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Ushbu jinoyat qurboniga aylanmaslik uchun amal qilinishi lozim boʻlgan choralar hamda bu kabi har xil aldovlarga ishonmaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, shaxsiy maʼlumotlarni himoyalash, xizmat faoliyatida axborot texnologiyalaridan xavfsiz foydalanish hamda kiberxurujlarning oldini olish boʻyicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Shu bilan birga Buxoro viloyatida qoʻriqlanayotgan obyektlarda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlar davomida Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan fuqarolar va obyekt xodimlariga internet orqali sodir etiladigan firibgarliklar, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, bank kartalari va mobil ilovalardan xavfsiz foydalanish qoidalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Kiberxavfsizlikka oid tayyorlangan axborot bukletlari xodimlar tomonidan tarqatilib, aholining huquqiy ongi va raqamli xavfsizligini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari olib borildi.