MILLIY QADRIYATLARIMIZ TARANNUM ETILDI
Termiz shahridagi Yoshlar markazida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlari uchun madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. "Alpomishlar oʻtgan bu diyor!" mavzusida oʻtkazilgan tadbirda, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova ishtirok etdilar.
Aytish kerakki, bugungi kunda viloyatda ot sportini rivojlantirishga, yosh chavandozlarni tarbiyalashga, harbiy xizmatchilar orasida vohaning qadimiy musiqa asbobi – doʻmbira chertishga, chanqovuz chalishga boʻlgan koʻnikmasini shakllantirish, mardlik, jasorat, sadoqat va vafo kabi buyuk qadriyatlar ulugʻlangan “Alpomish” singari noyob dostonlar mutolaasini yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur tadbirda ham ishtirokchilar surxon milliy cholgʻusi boʻlgan doʻmbira chertishib, oʻzlarining baxshichilik sanʼatlarini namoyish etishdi.
Tashrif buyurgan maʼnaviyat targʻibotchilari tomonidan, qorabayir zotli otlarni yetishtirishni ommalashtirish, milliy anʼana va baxshichilik sanʼatimizni asrab-avaylash, uni yosh avlodga yetkazish, targʻibotini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Maʼnaviy yetuk xodimlar – vatanimiz qalqoni ekanligi eʼtirof etildi. Tadbir doirasida Yangi Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, surxon vohasida ot sportini rivojlantirish borasida Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi va Chavandozlar maktabi faoliyati xususida videorolik namoyish etildi. Uchrashuvda faol ishtirok etganlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.