Yangiliklar

15 Iyun 2024

MUZEYLAR – TARIXNING JONLI KOʻZGUSI

Bilamizki, muzeylar har bir xalqning madaniy merosi, milliy madaniyati, turmushi, urf-odatlarini oʻrgatish bilan yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni yetkazishda katta rol oʻynaydi. Ushbu maskanlar chin maʼnoda ilmiy xazina boʻlib, ularning qadri yildan-yilga oshib boraveradi.
Sirdaryo viloyatida Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari hamda ularning oila aʼzolarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Guliston davlat universiteti “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohat uyushtirildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu muzey el-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan koʻp yillik mashaqqatli kurashlarni haqqoniy va toʻlaqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatagʻonlar tufayli qurbon boʻlgan, insoniylik shaʼni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini singdirish maqsadida 2019 yildan oʻz faoliyatini boshlagan.
Harbiy xizmatchi, xodimlar va ularning oila aʼzolari muzey mutaxassislari tomonidan qatagʻon qurbonlari haqidagi arxiv hujjatlari, fotosuratlar, ashyoviy buyumlar, kitoblar, videomateriallar bilan koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi.