Yangiliklar

18 Mart 2025

MUZEYLAR – MADANIY-MAʼNAVIY MEROS OʻCHOGʻIDIR

Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti xodimlarini oʻz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuygʻularini shakllantirish maqsadida muzeylarga sayohatlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi uchun viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Tashrif davomida xodimlar muzeyning "Amaliy sanʼat" boʻlimida qadimiy xalqlarning uy-roʻzgʻor buyumlari bilan tanishgan boʻlsalar, "Etnografiya" boʻlimidan esa kiyim-kechaklar oʻrin olgan. Muzey ilmiy xodimlari viloyat tarixi, bu maskanlarda yashagan mahalliy xalqlarning turmush tarzi haqida soʻzlab berishdi.
Bu kabi sayohat Namangan viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari uchun ham uyushtirildi. Taʼkidlash joizki, Namangan viloyat tarixi va madaniyati muzeyi Namanganning oʻz tarixini, madaniyati va anʼanalarini chuqur oʻrganish, yosh avlodga oʻtgan davrlarning boy merosini tadqiq qilish uchun muhim markaz hisoblanadi. Muzeydagi eksponatlar viloyatning madaniy-tarixiy hayotini, u yerda yashagan odamlarning turmush tarzini, milliy qadriyatlarni, shuningdek, oʻtgan asrlardan qolgan madaniy yodgorliklarni oʻz ichiga oladi.
Muzeyga uyushtirilgan bu kabi sayohatlar xodimlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy anʼana va qadriyatlarini oʻrganish, ularni targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.