Yangiliklar

26 Iyul 2025

MUZEYLAR MADANIY-MAʼNAVIY MEROS OʻCHOQLAR

Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi.

Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlash boʻyicha alohida bataloni xodimlarini oʻz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuygʻularini shakllantirish maqsadida, Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirildi. Tashrif davomida xodimlar birinchi prezidentimiz Islom Karimovning hayoti va davlatchilik faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar, shuningdek muhim davlat tadbirlari va diplomatik uchrashuvlar oʻtkazilgan zallarni koʻrish imkoniga ega boʻldi.

Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mintaqaviy oʻquv markazida tahsil olayotgan tinglovchilarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, Vatanga sadoqat va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirish maqsadida Xoʻjayli tumanida joylashgan Mazlumxan suluv maqbarasiga sayohat tashkil etildi. Uyushtirilgan sayohat davomida tinglovchilar koʻp asrlik tarixi, xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari va madaniy meroslari haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Shuningdek, muzeyda saqlanayotgan nodir eksponatlar, tarixiy hujjatlar va xalq amaliy sanʼati namunalari ularda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari uchun Mirzaobod tumanida joylashgan Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon uy muzeyiga sayohat uyushtirildi. Tashrif davomida boshqarma xodimlari muzey mutaxassislari hamrohligida shoirning hayot yoʻli, asarlari, arxiv hujjatlari, nodir fotosuratlar, shaxsiy buyumlar va videomateriallar bilan yaqindan tanishdilar. Ular Toʻra Sulaymon ijodiga yangicha nigoh bilan qarash imkoniyatiga ega boʻlib, chuqur taassurotlar oldilar.

Bu kabi sayohatlar xodimlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy anʼana va qadriyatlarini oʻrganish, ularni targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.