Yangiliklar

18 Sentyabr 2025

"Xavfsiz kibermakon" oyligi doirasidagi targʻibot tadbirlari davom etmoqda

Hududlarda "Xavfsiz kibermakon" oyligi doirasida aholi oʻrtasida targʻibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Xorazm viloyatlari Qoʻriqlash boshqarmalari xodimlari tomonidan shahar va tumanlarda oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlarda fuqarolarga internetdan foydalanishda shaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qilish, onlayn toʻlovlarda xavfsizlik qoidalariga amal qilish hamda kiberhujumlardan himoyalanish usullari haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Shuningdek, messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarni ochiq qoldirmaslik, smartfon hamda kompyuter tizimlarini muntazam yangilab borish kabi muhim maslahatlar taqdim etildi. Kiberfiribgarlik qurboniga aylanmaslik uchun maxsus tayyorlangan flayerlar tarqatilib, real hayotda uchrayotgan holatlar misolida tushuntirishlar berildi.

Bu kabi tadbirlar aholida kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish, internetdagi turli tahdidlardan ogohlantirish va fuqarolarni shaxsiy hamda moliyaviy maʼlumotlarini himoya qilishga oʻrgatishga xizmat qilmoqda.