Yangiliklar

16 Aprel 2023

MARKAZIY OSIYODA YAGONA ARXYeOLOGIYA MUZEYIGA SAYOHAT UYUSHTIRILDI

Surxondaryo viloyatidagi mavjud tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishish hamda shaxsiy tarkibning dam olish kunlarini maroqli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida, kuni kecha Surxondaryo viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi Termiz shahar "Qo‘riqlash" bo‘limi xodimlari uchun Arxeologiya muzeyiga navbatdagi sayohat tashkil etildi.

Termiz arxeologiya muzeyi 2002 yil 2 aprelda Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Ushbu muzey ko‘hna Surxon vohasining ming yillik tarixi qayta tiklanadigan diqqatga sazovor maskanlardan biridir. Termiz arxeologiya muzeyi foye, 9 ta asosiy ko‘rgazma zali, numizmatik ko‘rgazma zali, yapon arxeologi Kato Kyuzoga bag‘ishlangan ko‘rgazma zali, kichik ko‘rgazma zali va ayvon ostidagi galereyadan iborat.

Muzeyda nodir qo‘lyozmalar va adabiyotlar saqlanadigan kutubxona ham mavjud. Bronza (miloddan avvalgi 3-2 ming yilliklar) eramizning 15-asrigacha bo‘lgan topilmalar, paleolit, mezolit, neolit va eneolit davrlariga oid eksponatlar, qadimgi Yunon-Baqtriya madaniyati, Surxon vohasining oxirgi bronza va ilk temir davrlariga oid moddiy madaniyat namunalari kabilar joy olgan.

Xodimlar mazkur ko‘rgazma zallaridagi nodir eksponatlar, o‘tmishimizga oid tarixiy yodgorliklar, o‘zbek tarixchiligi hamda qadimiy asori atiqalar bilan yaqindan tanishib, ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Muzey mutaxassislari tomonidan qadimiy topilmalarning tarixi haqida tushunchalar berildi.