Muqimiy tavalludining 175 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir
Fargʻona shahridagi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida atoqli hajvchi shoir Muqimiy tavalludining 175 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari, Fargʻona shahridagi mahallalar yoshlar yetakchilari va faol kitobxonlar ishtirok etdi. “Sayohatnoma” asariga bagʻishlangan videorolik, sahna koʻrinishlari, sheʼr va kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Muqimiy ijodi haqidagi bilimlarni tekshirish maqsadida "Ha yoki yoʻq?," "Rebus: asarni top" interfaol oʻyinlari, shuningdek, "Bilasizmi?" oʻyini tashkil etilib, unda ishtirokchilar shoirning hayoti va ijodi haqidagi savollarga javob berishdi.
Bundan tashqari, tadbir davomida Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi xodimlari tomonidan tashkil etilgan tematik koʻrgazmalar tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Yakunda tashkilotchilar tadbirning faol ishtirokchilariga esdalik sovgʻalarini topshirib, ularning qiziqishi va ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirishdi.