Yangiliklar

5 Sentyabr 2025

Muzeylar haftaligi doirasida amalga oshirilgan tashriflar

Muzeylar haftaligi doirasida Andijon viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan buyuk davlat arbobi, shoir va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga bagʻishlangan “Bogʻi Bobur” yodgorlik majmuasiga tashrif uyushtirildi.

Tashrif davomida ishtirokchilar Bobur bobomizning yuksak viqor bilan qad rostlagan haykali hamda majmua hududida joylashgan ramziy qabri bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular Bobur Mirzoning hayoti, faoliyati, ilmiy va adabiy merosi hamda uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar. Mazkur tashrif xodimlarda vatanparvarlik tuygʻularini yanada oshirish, milliy tariximiz va maʼnaviy merosimizga boʻlgan hurmatni mustahkamlashga xizmat qildi.

Shu bilan birga Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari uchun Guliston Davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylariga sayoxat uyushtirildi. Bu muzey el-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan koʻp yillik mashaqqatli kurashlarni xaqqoniy va toʻlaqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatagʻonlar tufayli qurbon boʻlgan, insoniylik shaʼni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini singdirish maqsadida 2019-yi 1-fevraldan oʻz faoliyatini boshlagan.

Xodimlar bu yerda qatagʻon qurbonlari xaqidagi hamda arxiv xujjatlari, fotosuratlar, ashyoviy buyumlar, kitoblar, videomateriallar bilan koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi.