Korrupsiya – jamiyat tanasidagi saraton
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga yetkazish, korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarning oqibatlarini tushuntirish maqsadida Fargʻona shahrida mutasaddi rahbarlar va xodimlar ishtirokida oʻquv seminari oʻtkazildi.
Mazkur tadbirda viloyat IIBning tegishli sohaviy xizmat rahbarlari va xodimlar, shuningdek, Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi ham faol ishtirok etishdi.
Korrupsiyaning salbiy oqibatlari hamda unga qarshi kurashishda uchrayotgan muammo va kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan uchrashuvda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida toʻxtalib oʻtdilar. Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari bu illatni “Jamiyat tanasidagi saraton” deb taʼriflagani bejiz emas. Bu illatga qarshi kurashishda davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari har tomonlama faol va murosasiz boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Xizmat davomida tartib-intizom va qonuniylikni mustahkamlash, shaxsiy masʼuliyatni his etish va korrupsiyaga qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash davr talabi ekanligi qayd etildi. Bu borada fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlanib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.